Yuragim va kuragim atrofida og‘riq bo‘lib turadi. Yaqinda yurak atrofidagi og‘riqlarning hammasi ham yurak kassaliklaridan emas degan gapni eshitib qoldim. Shu rostmi? Yurak atrofidagi og‘riqlar qaysi kassalliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin?

Temur Zayniddinov, Buxoro

Savolga oliy toifali funksional tashxis qo‘yish shifokori Sitora Nalibayeva javob beradi

Har bir kishi umrida bir marta bo‘lsada ko‘krak qafasida,  kuragida yoki yurak atrofida og‘riq yoki yoqimsiz holatni his qilishi mumkin. Bu bezovtalik tanamizning eng muhim a’zosi yurak atrofida yuz berganligi tufayli, xavotir olishimiz tabiiy.  Keling, avval og‘riqning turlari haqida gaplashib olaylik.

Og‘riq turlicha bo‘ladi: 

Sanchiqli, siquvchan, simillatuvchan, yondiruvchan, zirqiratadigan. 

Og‘riq tananing ma’lum bir joyida yoki butun tanaga tarqalgan bo‘lishi mumkin. Yelkada, kurakda, chap qo‘lda, pastki jag‘da, qorinda paydo bo‘lib, bir necha daqiqa yoki bir necha soatlab, hatto kunlab davom etishi mumkin. Qo‘l qimirlaganda, tana holati o‘zgarganda, yoki nafas olganda esa zo‘rayishi ham mumkin. Ba’zi paytda ovqatlanganda, tinch holatda, jismoniy ish qilayotganda yoki hayajonlanganda ham og‘riq paydo bo‘ladi.

Sabablar

Og‘riq paydo bo‘lishing sababi juda ko‘p: yurak kasallanganda, stenokardiya, infarkt miokardda, yurak shamollaganida, revmatologik xastaliklar. Nevrozda, ko‘krak qafasi va qovurg‘alar shamollaganida, oshqozon va ichak kasalliklarida esa og‘riq yurak atrofida va kurak atrofida seziladi

 

Yurak nega og‘riydi? 

Buning sababi nimada? Nega tez yordamga eng ko‘p murojaat yurak og‘rig‘i sababli bo‘ladi Yurakdagi og‘riq 2 ta asosiy guruhga bo‘linadi:

Anginoz og‘riqlar — bunga yurakning ishemik kasalliklari; 

Kardialgiyalar — yurak shamollash orqali yuzaga kelgan; tug‘ma poroklar yoki vegetativ distoniklar.

Anginoz (ishemik, stenokardiya) og‘riqlar hayajonlanganda, jismoniy zo‘riqishda qon oqimining kuchayishida yuzaga keladi. Shuning uchun bu og‘riq yurganda, hayajonlanganda, asabiylashganda paydo bo‘ladi va bu holatda shifokor bilan maslahatlashib, tezda nitroglitserin qabul qilinishi kerak. Ishemik og‘riqlar yondiruvchan, siqiluvchan, qisuvchan bo‘lib, odatda ko‘krak orqasida, o‘ng yelkada, qo‘lda, kurak tagida va jag‘ning pastki qismida kuzatiladi. Og‘riq kuchli nafas qisishi bilan kuzatiladi. Kuchli, ezuvchi, siquvchi, va yondiruvchi ko‘krak orqasida yoki chap tarafida paydo bo‘lgan og‘riq — o‘tkir miokard infarkti darakchisi bo‘lishi mumkin, bu holatda nitroglitserin yordam bermaydi. 

Kardialgiya yurak revmotologik xastalanganda, miokarditda, yurakning tashqi pardasi shamollashi — perikardda yuzaga kelib, og‘riq uzoq, sanchiqli, zirqirab og‘ruvchi bo‘ladi va ko‘krakdan chaproqda paydo bo‘lib yo‘talganda va nafas olganda zo‘rayadi. Bu holatda xam nitroglitserin yordam bermaydi, ammo og‘riqni qoldiruvchi dori darmonlar yordam beradi.

Yurak atrofidagi og‘riqlar qanday holatlarda yurak bilan bog‘liq emas.

Agar yurak atrofidagi og‘riq tana egilganda yoki burilganda, chuqur nafas olganda, nafas chiqarganda, qo‘llar harakatlantirilganda paydo bo‘lsa, nitroglitserin va validol yordam bermaydi, chunki bu radikulit yoki qovurg‘alarning kasallanganligi bo‘lishi mumkin. 

Qovurg‘a orasidagi sanchiqli, noaniq og‘riq asab tizimi kasalligi (nevroz)da ham uchraydi.

Ruhiy zo‘riqish, ruhiy tushkunlikda og‘riq bo‘yin va yelkada bo‘ladi. Bunda “yuragim og‘riyati shekilli” deb kardiologga murojaat etgan  bemorni tinchlantirib, boshqa mutaxassislarga uchrash tavsiya etiladi. 

Xuddi shunday och qolganda yoki ovqat yeganda og‘riq bo‘lsa, bu oshqozon yoki oshqozon osti bezi kasallanganligining belgisi bo‘lishim mumikn. Og‘riqning sababi umurtqa pog‘onasining ko‘krak qafasi kasalligi yoki osteoxondroz ham bo‘lishi mumkin.

Og‘riq sababi qanday aniqlanadi?

 

Og‘riqning sababini aniqlash uchun kardiolog va kardiojarrox belgilab bergan tekshiruvlardan o‘tish lozim.

Bular: 

•elektrokardiogramma(EKG), stress-EKG (tredmill-test, veloergometriya), jismoniy zo‘riqishdagi EKG ko‘rigi va sutkalik xolter-monitoring EKG. 

•Fonokardiografiya usuli yurak shovqinni tekshirish uchun. 

•Exokardiografiya usuli yurak mushaklarini ultratovush yordamida tekshirib, yurakdagi qon oqimining tezligini aniqlaydi. 

Koronarografiya usuli koronar arteriya xolatini tekshiradi. 

Miokard ssintigrafiya usuli yurak mushaklaridagi qon yetishmovchiligini aniqlaydi.

Yurakka tegishli bo‘lmagan og‘riqni aniqlash 

Yurakka tegishli bo‘lmagan og‘riqni tekshirish uchun umurtqa pog‘onasini rentgenografiya, kompyuter va magnit-rezonans tomografiya qildirish, nevrolog, ortoped, gastroenterolog yoki tibbiy psixologga murojaat qilish lozim.

Tashxis qo‘yilib, og‘riq sababi aniqlangach, shifokor tegishli muolajalarni belgilaydi. Shunday ekan yurak va uning atrofidagi og‘riqlarda o‘zboshimchalik bilan uy sharoitida davolanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi

 

 

darakchi.uz

 

Videolavha

Scroll to top