Organizmdagi ba’zi o‘zgarishlar yurak faoliyati bilan bog‘liq noxushliklardan darak berishi mumkin. Biroq yurak qurmag‘ur hech qanday ogohlantirishsiz, kutilmaganda ham zarba berib qolishi hech gap emas. Bu vaqtda uyda yolg‘iz, yohud ko‘cha-kuyda ketayotgan bo‘lsangiz birinchi yordam ko‘rsatishni bilasizmi? Tavsiyalar shu haqida.

 

Yurak bezovtaligini sezdingizmi, yaxshisi tez yordam xizmatiga qo‘ng‘iroq qiling-da, yotgan holatda tinchlanishga harakat qiling;

Ahvolingiz yomonlashib borayotgandek tuyulsa, nitroglitserinning bitta tabletkasini qabul qilish mumkin. Tabletka til ostiga qo‘yilib, sekin-asta so‘rilishi kerak;

 

Nitroglitserin qabul qilgach, joyingizdan qo‘zg‘almang. Dori ta’sirida bosh aylanishi mumkin.

Yurak xuruj qilgan kishiga birinchi yordam berishni bilasizmi?

Yo‘l-yo‘lakay bekatda turgan kishining mazasi bo‘lmay, yuragini changallab turganiga ko‘zingiz tushsa shunchaki o‘tib ketmang. Tez yordam xizmatiga sim qoqib, shifokor kelgunicha birinchi yordam ko‘rsating. Buning uchun «bemor» ning yoqasini bo‘shatib, erkin nafas olishi uchun sharoit hozirlang. Ust-boshi zich yoki tugmali, kamarli bo‘lsa, qon aylanishini yaxshilash uchun ularni ham yengillashtiring.

Ertalab ko‘proq xuruj qiladi

Infarkt yuzaga kelayotganida yurak sohasida sanchiqli og‘riq paydo bo‘ladi. Og‘riq hissi chap qo‘l, yelka va kurakka ham tarqaladi. Shuningdek, ko‘krak qafasida tushunarsiz bezovtalik, jag‘da og‘riq kuzatilishi ham mumkin;

Bezovtaliklarni yengillashtirish uchun dori qabul qilinganida aks ta’sir yuzaga kelishi ham mumkin. Masalan, nitroglitserindan keyin ham ahvolingiz o‘nglanmaydi. Bu infarktga hos hodisalardan biri;

Yurak betoqat bo‘lganida vahima hissi paydo bo‘ladi. Chunki bu vaqtda stress gormonlari faollashadi. Shu bois ham yuz rangi oqarib, tanani sovuq ter qoplaydi;

Yurak xurujlari asosan ertalabki vaqtda sodir bo‘lishi ko‘p kuzatilgan. Chunki bu paytda buyrak osti va stress holatini yuzaga keltiruvchi gormonlar faol bo‘ladi;

Tavsiya etilmaydi!

Zo‘riqib yo‘talish mumkin emas. Hatto yo‘tal yuzaga kelsa ham tinchlanib, organizmni zo‘riqtirmaslik zarur;

Qurquv hissi bemorning umumiy ahvoliga nojo‘ya ta’sir etadi. Vahimaga berilish qon bosimi, bosh og‘riqlari va nafas qisishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Bunday vaqtda tinchlanib, to‘g‘ri nafas olishga harakat qilish to‘g‘ri bo‘ladi.

Oddiy ko‘ringan tavsiyalarni yaqinlaringiz bilan bo‘lishsangiz, axborot almashinuviga hissa qo‘shgan bo‘lasiz. Bu esa yurak xurujiga uchragan bir necha bemorning hayotini saqlab qolishga yordam beradi.

 

 darakchi.uz

Videolavha

Scroll to top