Joriy yilning 19-23 may kunlari Koreya Respublikasining “Junior Chamber International – JCI” xalqaro yoshlar tashkiloti va Cha universiteti qoshidagi Pundan Cha Gospitalidan jami 12 nafar mutaxassis va vrachlar yurtimizda bo‘lib, tug‘ma yurak nuqsoni tashxisli bemor bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi.

Shu bilan bir qatorda delegatsiya vakillari tasdiqlangan rejaga ko‘ra O‘zbekistondagi Koreya madaniyat markazlari Assotsiatsiyasiga, Sejong nomidagi koreys tili maktabiga, “Arirang” pansionatiga, Kim Pen Xva nomidagi muzeyga, Toshkent shahridagi Koreya ta’lim markaziga, O‘zbekistondagi Koreya Respublikasi elchixonasiga tashrif buyurishadi.

20 may kuni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida Koreya Respublikasining “Junior Chamber International – JCI” va Cha universiteti qoshidagi Pundan Cha Gospitali malakali shifokorlari tashrif buyurib, tug‘ma yurak nuqsoni tashxisli bemor bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi.

Ushbu tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra og‘ir deb topilgan bemor bolalar Koreya Respublikasi nufuzli klinikalarida sog‘lomlashtiriladi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi jismonan baquvvat, ma’nan yetuk, ruhan tetik farzandlarni tarbiyalashda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, “Sog‘lom avlod” harakatini rivojlantirish maqsadida bir qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Ma’lumki, Fond bir qator xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hukumatimiz qarorlari hamda Davlat dasturlari ijrosini ta’minlash maqsadida bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirishda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Mazkur yo‘nalishda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining Pundan Cha universiteti gospitali, In Xa universiteti gospitallarida tug‘ma yurak nuqsoni, terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan og‘rigan O‘zbekistonlik bemor bolalarni bepul sog‘lomlashtirilmoqda.

Fondning “Junior Chamber International – JCI” xalqaro yoshlar tashkiloti bilan 2010-2004 yillardagi hamkorligi davomida Cha Universiteti qoshidagi Pundan Cha Gospitalida xayriya yo‘li bilan jami 27 nafar O‘zbekistonlik bolalar jarroxlik amaliyoti o‘tkazilishi bilan sog‘lomlashtirildi.

 

 

darakchi.uz

Videolavha

Scroll to top