Farg'ona viloyatidagi birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida patronaj oyligi davom etmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida sog'liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar aholi salomatligini asrash, tibbiyot 

muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va tibbiy xizmat ko'rsatish sifatini yanada oshirishda yuksak samaralar bermoqda.

 

Farg'ona viloyatida sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi asosida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotir. So'nggi yillarda viloyatda 283 qishloq vrachlik punkti tashkil etildi. Ularning 61 tasi uchun yangi binolar qurildi, mavjudlari kapital rekonstruktsiya va ta'mirdan chiqarildi.

Bugun viloyatning eng chekka hududida ham zamonaviy tibbiy xizmat ko'rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Salomatlik loyihalari doirasida FEK, EKG, avtoklav, sentrifuga va boshqa zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta'minlangan. Shifokorlar va o'rta tibbiyot xodimlarining kasb mahoratini oshirish ishlari tizimli yo'lga qo'yilgan. Tuman tibbiyot birlashmalari qoshida hamshiralar o'quv xonalari tashkil etilgan.

Viloyatda patronaj hamshiralarning faoliyatini rivojlantirish, ularning bilim va tajribasini oshirish ham doimiy e'tiborda. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 1 dekabrdagi «Qishloq vrachlik punktlarining patronaj tibbiyot hamshiralarini moddiy rag'batlantirishni kuchaytirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori bu borada muhim omil bo'lmoqda. Mazkur qaror asosida patronaj hamshiralar ishi samaradorligini reyting baholash tartibi tasdiqlandi. Buning natijasida aholiga tibbiy-patronaj xizmati ko'rsatish sifati yuksalmoqda.

Patronaj oyligida mazkur yo'nalishdagi ishlarning ko'lami yanada kengaymoqda. Oylik doirasida mahallalarda, o'quv muassasalari va korxonalarda davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, aholi ishtirokida kasalliklar profilaktikasi, sog'lom turmush tarzi asoslari yuzasidan targ'ibot tadbirlari o'tkazilayotir.

Farg'ona tumanidagi “Shohimardon” qishloq vrachlik punktida ham patronaj oyligi yuksak saviyada tashkil etilmoqda. Mazkur QVP hududdagi 8 mingdan ortiq aholiga malakali tibbiy xizmat ko'rsatadi. Zamonaviy qishloq vrachlik punkti “Salomatlik-2” loyihasi doirasida tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Tashxis qo'yish, davolash, tibbiy ko'rik ishlari namunali yo'lga qo'yilgan QVPning malakali tibbiyot xodimlari asosiy e'tiborni profilaktika ishlarini kuchaytirishga qaratmoqda. Emlash tadbirlari yuqori darajada o'tkaziladi. Qishloq vrachlik punkti mudiri Shahlo Suyarqulovaning ta'kidlashicha, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog'lom oila va sog'lom turmush tarzini qaror toptirish bo'yicha olib borilayotgan tushuntirish ishlari yaxshi samara berayotir.

Oylik davomida muassasaning 7 patronaj hamshirasi hududdagi xonadonlarda bo'lib, aholi salomatligi va kasallikni yuzaga keltirishi mumkin bo'lgan omillarni o'rganib chiqmoqda. Onalar va bolalar, o'zgalar parvarishiga muhtoj insonlar, yolg'iz keksalar, nogironlarga alohida e'tibor qaratilmoqda. Shuningdek, 2 ming 350 dan ortiq fertil` yoshidagi ayollarga tibbiy maslahatlar berilmoqda.

– Ilgari arzimagan narsa uchun ham tuman markaziga borishga majbur edik, – deydi mehnat faxriysi Xursanoy Bo'taeva. – Endi qishlog'imizning o'zida zamonaviy tibbiy xizmat ko'rsatilmoqda. Ayniqsa, patronaj hamshiralar, shifokorlar har bir xonadonga borib oilalar salomatligidan doimo xabardor bo'lib turganidan minnatdormiz.

Manba: uza.uz

 

Videolavha

Scroll to top