Ushbu bo‘limda yurak faoliyatiga va qon tomirlarga bevosita  ta’sir etib, ularning turli kasalliklariga davo bo‘ladigan va tibbiyot amaliyotida keng miqyosda ishlatiladigan dorivor o‘simliklardan tayyorlangan va toza holda olingan preparatlar to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Jumladan, yurak glikozidlari va boshqa shifobaxsh o‘simliklar haqida  ma’lumot beriladi.

 

Yurak glikozidlari saqlovchi o‘simliklar

Bularga angishvonagulning bir necha turlari, strofant, bahorgi adonis, marvaridgul, jut, kendir va boshqa o‘simliklar kiradi.

1.Angishvonagul. Naperstyanka (Digitalis)

Turkumni quyidagi turlaridan tibbiyotda foydalaniladi.

a) Qizil angishvonagul (Digitalis purpurae L.) ko‘p yillik o‘t o‘simlik bo‘lib, bo‘yi 30-120 sm ga yetadi. Sobiq Ittifoqning ayrim respublikalarida (Ukraina, Belarus, Krasnodar o‘lkasi) o‘stiriladi.

b) Yirik  gulli angishvonagul (Digitalis  grandiflora Mill.)  bo‘yi

40-100 sm ga yetadigan o‘t o‘simlik. Yovvoyi holda Ural, ¶arbiy Sibirda, Oltoy, Kavkazda o‘sadi.

Ushbu o‘simliklarning hamma qismi zaharli. Ular yurak glikozidlarini saqlaydi. Bargida purpurea glikozid A vaV, digitoksin, gitoksin (0,3%) va boshqa glikozidlar bor.

v) Kiprikli angishvonagul (Digitalis ciliata Trait). O‘simlik ko‘p yillik bo‘lib, bo‘yi 30-60 sm ga yetadi. Gruziyaning tog‘li xududlarida o‘sadi. Bargi tarkibida yurak glikozidlari (purpurea va glikozidlar ajratib olingan) bor.

g) Sertuk angishvonagul (Digitalis lanata Ehrh.) ko‘p yillik, bo‘yi 30-80 sm ga yetadigan o‘t o‘simlik. O‘simlik bargida 0,5-1% gacha yurak glikozidlari bor. Glikozid yig‘malardan lanatozid A, V, S, D, YE va b. ajratib olingan.

d) Malla angishvonagul (Digitalis ferruginea L.).  Ko‘p yillik, bo‘yi 40-70 sm ga yetadigan o‘t o‘simlik. Kavkaz ortining Sharqi-janubiy xududlarida o‘sadi. O‘simlik bargida 1% yurak glikozidlari bor. Ular yig‘malaridan digilanid A, V, a -va b  -atsetildigitoksin va boshqalar ajratib olingan.

2.Grek periplokasi. Obvoynik grecheskiy (Periploca graeca L.)

Daraxtlarga chirmashib o‘sadigan, bo‘yi 3 m ga yetadigan liana o‘simligi. O‘simlik yovvoyi holda faqat Kavkazda (Abxaziya, Ajariya va Kaspiy dengiziga yaqin joylarda) o‘sadi. Markaziy Osiyoda o‘stiriladi. O‘simlik po‘stlog‘ida 0,38% periplotsin, periplotsimarin va boshqa  yurak glikozidlari bo‘ladi.

3. Kombe ctrofant. Strofant  kombe  (Strophanthus kombe Oliv.)

 

Ko‘p yillik liana o‘simligi. Sharqiy Afrikaning tropik o‘rmonlarida o‘sadi. Kamerunda o‘stiriladi. O‘simlikning urug‘idan K-strofantozid, K-strofantin-beta, simarin,  va boshqa yurak glikozidlari ajratib olingan.

Qizil angishvonagul (Digitalis purpurea L.)

 

4. Nashasimon kendir. Kyendir konopleviy (Apocynum sannabinum L.)

Ko‘p yillik, bo‘yi 1-1,5m keladigan o‘t o‘simlik. Yovoyi holda Shimoliy Amerikada o‘sadi, Moskva viloyatida, Toshkent viloyatida o‘stiriladi. O‘simlikning ildiz poyasi va ildizida 0,8% gacha yurak glikozidlari simorin (gidrolizlanganda simoroza  qandiga va strofantidin aglyukoniga parchalanadi), 0,33% gacha K-strofantin-beta va boshqalar saqlaydi.

5. Adonis. Goritsvet (Adonis L.)

Adonis o‘simligining quyidagi turlari tibbiyotda ishlatiladi:

a) Bahorgi adonis (Adonis vernalis L.). Ko‘p yillik, kalta va ko‘p boshli ildizpoyali, bo‘yi 30-40 sm ga yetadigan o‘t o‘simlik. O‘simlik asosan Ukraina, Belarus, Rossiyaning yuvropa qismidagi cho‘l va o‘rmon zonalarida, Sibirda, Shimoliy Kavkazda, Volga bo‘yida  uchraydi. O‘simlikning yer ustki qismi yurak glikozidlarini (simarin, adonitoksin va b.) saqlaydi.

b) Turkiston adonisi gylizardak, sariqgul (Adonis turkestanica Adolf.). O‘rta Osiyo respublikalarining tog‘li tumanlarida, tog‘larning yumshoq tuproqli qiyalarida, ba’zan archazorlarda o‘sadi.  Ko‘p yillik, bo‘yi 30-80 sm gacha yetadigan o‘t o‘simlik. O‘simlikning yer ustki qismida yurak glikozidlari (simarin, K-strofantin- b  va b.) bor. Bu o‘simlikning farmakologik xossalari Toshkent davlat I tibbiyot institutining  farmakologiya kafedrasida o‘rganilgan.

v) Tillarang adonis (Adonis chrysosyathus Hook. yet Thom.)  O‘zbekistonda o‘sadigan adonisning bu turi ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, N.K.Abubakirov tomonidan o‘rganilganda, tarkibida yurak glikozidlari borligi aniqlangan (simarin, K-strofantin- b).

Ajratib olingan glikozidlarning farmakologik ta’siri N.A.Kambulin, T.G Sultonov hamda klinikasi, N.S.Kelginbayev tomonidan o‘rganilgan va tibbiyot amaliyotiga tatbiq etilgan.

6. Uzun mevali jut.  Djut dlinnoplodniy (Corchorus olitorius L.)

Bir yillik bo‘yi 1-3 m ga yetadigan tola beruvchi o‘t o‘simlik. Hindiston, va boshqa tropik va subtropik xududlarda tola olish maqsadida o‘stiriladi. O‘rta Osiyoning ayrim tumanlarida, xususan Toshkent viloyatida o‘stiriladi. Jut urug‘idan olitorizid, korxorizid va korolozid yurak glikozidlari ajratib olingan. Olitorizid va korxorizid fermentlar ta’sirida strofantidinga parchalanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasiga qarashli O‘simlik moddalar kimyosi institutining xodimlari birinchi bo‘lib jut  urug‘idan olitorizid, korxorizid va boshqa glikozidlarni ajratib olganlar va ularning kimyoviy tuzilishi aniqlaganlar. Korxorizid glikozidi P.M.Loshkarov tomonidan VILR da ajratib olingan va o‘rganilgan. Jut urug‘idan strofantidin atsetat olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.

7. May marvaridguli. Landish mayskiy (Convallaria majalis L.)

 

Ko‘p yillik, bo‘yi 15-30 sm ga yetadigan o‘t o‘simlik bo‘lib, Rossiyaning Yevrupa qismida,Ukraina, Belorusiya, Kavkaz turi -shimoliy Kavkazda, Kavkaz ortida, Qrimda, Uzoq Sharqda o‘sadi.

Bahorgi adonis (Adonis vernalis L.)

O‘simlikning hamma qismida yurak glikozidlari bor. Gulidan konvallatoksin (gidroliz natijasida ramnoza qandiga va strofantidinga parchalanadi) ajratib olingan. Bargining tarkibida 0,1% yurak glikozidlari yig‘indisi bor.

8. Yoyiq erizimum. Jeltushnik raskidistiy (Erysimum diffusum Ehrh.)Yoyiq erizimum bo‘yi 30-80 sm ga yetadigan ikki yillik o‘t o‘simlik. CHo‘llarda toshli qoyalarda, bo‘talar orasida Ukraina, Moldova, Belarus, Rossiyaning Yevrupo qismida, Kavkazda, Sibirda va O‘rta Osiyo respublikalarida o‘sadi. O‘simlikning guli va urug‘ida 2-6%, bargida 1-1,5%, poyasida 0,5-0,7% va ildizida 0,2% yurak glikozidlari (erizimin, erizimozid va boshqalar) bor. Erizimin gidrolizlanganda digitoksoza va strofantidin aglikoni hosil bo‘ladi.

O‘zbekistonda erizimumning 13 turi mavjud, ular yovvoyi  holda o‘sadi. Shulardan 5 tasining farmakologik ta’siri va kimyoviy tarkibi tekshirilgan va ular tarkibida ham yurak glikozidlari borligi aniqlangan.

Yuqorida qayd etilgan yurak glikozidlari saqlagan o‘simliklardan kukunlar, damlama, qaynatma, nastoykalar, ekstraktlar va boshqa novogalen preparatlari tayyorlanadi.  Bundan tashqari, ulardan toza  holdagi glikozidlar ham ajratib olingan.

Kimyoviy tuzilishi bo‘yicha yurak glikozidlari  murakkab  birikmalar bo‘lib, ikki qismdan: qandli (glikon) va qandsiz (aglikon) dan tashkil topgan. Qandsiz qism to‘yinmagan lakton halqasi bilan bog‘liq steroid tuzilishga  egadir. Yurak glikozidlarining biologik ta’siri mana shu qismiga bog‘liq. Qandli qismi esa yurak  glikozidlarining  so‘rilishi, pardalardan o‘tishi, tuqimalarda ushlanishini ta’minlanadi.

Ushbu o‘simliklardan olinadigan yurak glikozidlari o‘zining kimyoviy tuzilishi bo‘yicha bir-biriga o‘xshaydi, lekin glikon va aglikon tabiati bo‘yicha farq qiladi. Bir o‘simlikda bir  necha  yurak glikozid  bo‘lishi mumkin. Ularni farmakologik ta’sir mexanizmi umuman olganda deyarli bir xil bo‘lsa-da, lekin ular me’da-ichak yo‘lida so‘rilishi, ta’sir kuchi, organizmdan chiqib ketish muddatiga ko‘ra farqlanadi.

Yurak glikozidlarining bebaxo xossalaridan biri shuki, ular kasallangan yurakka tanlab ta’sir ko‘rsatib, uning susaygan faoliyatini jonlantiradi. Kasallik tufayli (revmakordit, yurak nuqsoni) qisqarish qobiliyati zaiflashib charchagan yurak faoliyatini  asta-sekin tiklaydi. Yurak glikozidlari kuchli zaharli  bo‘lishiga qaramasdan zaharli dozasining 1:3-2:3 qismi shifo bo‘ladi.

Shuning uchun ham yurak glikozidlari noyob, qimmatbaho va juda keng ishlatiladigan  ishonchli preparatlar hisoblanadi.

Farmakologik ta’siri. Yurak glikozidlarining asosiy farmakologik xossalaridan biri  yurak faoliyatiga kardiotonik ta’siridir. Ushbu effekt quyidagi farmakologik ta’sirlardan yuzaga chiqadi.

 

Yurak glikozidlarining sistolik ta’siri. Bu ta’sir natijasida charchagan va zaiflashgan miokardning qisqarish kuchi oshadi-sistola kuchliroq sodir bo‘ladi. Bundan tashqari, glikozidlar ta’sirida  sistolaning davom  etish  vaqti  kamayadi.Shunday qilib, yurak glikozidlari ta’sirida yurakning qisqarishi kuchliroq va  tezroq  bajariladi  (musbat  inotrop ta’sir).  Buning natijasida yurakning sistolik hajmi (bir sistola tufayli chap qorinchadan aortaga chiqadigan qon  miqdori), daqiqalik  hajmi (bir daqiqa davomida chap qorinchadan aortaga keladigangan qon miqdori ) birmuncha oshadi, aortada qon bosimi ko‘tariladi.


8-rasm. Zaiflashgan yurak faoliyztiga yurak glikozidlarining sistolik va diastolik ta’siri (¯).

Diastolik ta’siri (manfiy xronotrop ta’sir). Yurak glikozidlari yurakning dam olish davri - diastola vaqtini uzaytiradi.

Bu o‘z navbatida yurak mushaklarining to‘liqroq bo‘shashini ta’minlaydi,  diastola vaqtida chap bo‘lmachadan chap qorinchaga qonning ko‘proq miqdorda o‘tishiga olib keladi.

Tonotrop ta’sir. Yurak glikozidlari yurak mushagining tonusini oshiradi. Diastola vaqtida yurakning umumiy hajmi kichikroq bo‘ladi.

Yurak o‘tkazuvchi sistemasiga ta’siri (manfiy dromotrop  ta’sir). Yurak glikozidlari atrio-ventrikulyar (bo‘lmacha-qorinchaaro) tugunchaga ta’sir etib, undan va Gis bog‘lamlaridan qorinchalar mushagiga impulslar o‘tishini sekinlashtiradi. Katta zaharli dozalarda esa butunlay to‘xtatib blokada qilib qo‘yadi. Atrio - ventrikulyar tugunchadan qorinchalar mushagiga impuls o‘tishi sekinlashishi natijasida bo‘lmachalar bilan qorinchalar sistolasi orasidagi vaqt o‘zayadi. Bu esa  bo‘lmachalardan qonning qorinchalarga to‘liqroq o‘tishiga sabab bo‘ladi.  Kasallik tufayli chap bo‘lmacha va kichik qon aylanish doirasida yig‘ilib qolgan qonning chap qorinchaga o‘tish miqdori ko‘payadi. Natijada kichik qon aylanish doirasidagi qonning yig‘ilib qolishi asta-sekin kamayadi.

Yurak avtomatizmiga ta’siri. Sinus tugunchasidan chiqayotgan impulslar glikozidlar ta’sirida qisman kamayadi, katta dozalarda  esa tezlashadi.

Miokard quzg‘alishi oshadi (musbat batmotrop ta’sir). Yurak glikozidlarining  bunday  ta’siri asosan zaharlanishda sodir bo‘ladi va yurak ritmi buzilishiga olib keladi.

Yurakning  adashgan nerviga (vagus) ta’siri. Yurak glikozidlari  vagus nerv tonusini oshiradi. Shu sababli yurak urishi - ritmi sekinlashadi yoki bradikardiya kuzatiladi.

Shunday qilib, yurak glikozidlarning ta’siri natijasida kasallik tufayli zaiflashgan yurak faoliyati tiklanadi- yurakning ritmi sekinlashgani va diastolaning uzoqroq bo‘lishi va miokardning to‘laroq bo‘shashi hisobiga yurak  ko‘proq  dam oladi va uning qisqarish -sistola kuchi oshadi. Natijada aortaga chiqayotgan qon miqdori ko‘payadi,  aortada qon bosimi ko‘tariladi,  to‘qimalarning  qon bilan ta’minlanishini yaxshilanadi, bu esa periferik qon tomirlarida qon aylanishini o‘z xoliga keltirib, to‘qimalarni qon bilan ta’minlanishi yaxshilanadi. Shu sababli kasaldagi  shishlar asta-sekin yo‘qola boradi, siydik ajralishi ko‘payadi. Hansirash kamayib nafas asta-sekin yaxshilanadi. Organizmning kislorod bilan ta’minlanishi normallashadi.

Shuni aytib o‘tish kerakki yurak glikozidlarining bunday shifobaxsh ta’siri yurak faoliyati yetishmovchiligida samarali bo‘ladi.  Aksincha, yurak faoliyati o‘zgarmagan bo‘lsa, ularning farmakologik ta’siri uncha bilinmaydi.

 

Ta’sir mexanizmi. Yurak glikozidlarining yuqorida keltirilgan farmakologik ta’sirining sabablari o‘zil-kesil aniqlanmagan. Lekin hozirgi zamon tushunchalarga qaraganda yurak glikozidlarining kardiotonik ta’siri ularning miokarddagi elektrolitlar almashinuviga ta’sir qilishiga bog‘liq chunonchi ular Sa++ ionlarining tashqaridan kirishini bir necha marta ko‘paytiradi. Shu bilan bir qatorda pardaning repolyarizatsiya fazasida Sa++ ionlarining hujayralardan chiqishiga qarshilik ko‘rsatmaydi. Glikozidlarning bunday ta’siri Sa++ ionlarining qo‘shimcha miqdorini sarkoplazmatik retikulomadan ajratadi. Natijada Sa++ ionlari miofibrillda kamayib ketadi. Bu esa miokardning tez va kuchli qisqarishiga sabab bo‘ladi.

Yurak glikozidlarini kalsiy almashinuviga ta’siri

 

Qo‘zg‘alishi

¦

Pardaning depolyarizatsiyasi

¦

Yurak glikozidlari ta’sirida

Sa++ ning ko‘payishi

 

Yurak glikozidlari ta’sirida         Mioplazmatik Sa++  konsent-

Sa++ almashinuvining oshishi                 ratsiyasining oshishi

 

¦                                                      ¦

Yurak glikozidlari ta’sirida       Qisqarishining kuchayishi

sarkoplazmatik retikulomadan

Sa++ ajralishining oshishi

 

Shunday qilib,  yurak  glikozidlari terapevtik dozada yurakning ishlash davrida Sa++ ionlarining almashinuvini oshiradi, lekin ularning umumiy soni o‘zgarmaydi. Yurak glikozidlarining ta’sir mexanizmi shuningdek pardaning (sarkoplazmatik pardaning ham) transport ATF-fazasi faoliyatining o‘zgarishi bilan ham tushuntiriladi. Bu faza elektrolitlarning aktiv harakatlanishiga olib keladi, ular pardaning tashqi tomonidan ta’sir qilib, o‘tkazuvchi sistemani K+ ionlariga mosligini kamaytiradi. Natijada K+ ionlarining kirishi, Na+ ionlarining chiqishi tormozlanadi, Sa++ ionlarining kirishi esa ortadi.

Yurak glikozidlarining bunday ta’sir mexanizmi natijasida yurak  ishi ancha maromiga keladi,  yurakdagi glikogen zahiralari sut kislotasidan sintez bo‘lishi hisobiga ortadi, kislorod bilan ta’minlanishi yaxshilanadi, sarflanishi esa tejaladi.

Yurak glikozidlarining yurakka bunday ta’siri yurak ishini oshiruvchi boshqa preparatlardan, masalan, adrenalindan farq qiladi. Adrenalin kardiostimulyator  hisoblanib,  glikozidlarga  qarshi o‘laroq, yurak ritmini tezlashtiradi. Miokardning kislorodga bo‘lgan talabi oshadi, yurak foydali ta’sir koeffitsiyenti kamayadi, miokardda kreatinfosfat va glikogen miqdori kamayadi.

Yurak glikozidlarining ishlatilishi va ularga moneliklar. Yurak glikozidlari asosan yurak faoliyatini surunkali va o‘tkir yetishmovchiligida, yurak dekompensatsiyasida va yurak aritmiyasida ishlatiladi.

Bradikardiyada, atrioventrikulyar blokadada, stenokardiya xurujida, o‘tkir infarktning boshlanishida, o‘tkir miokardit, endokardit, kardiosklerozda tavsiya etilmaydi.

Zaharlanish. Asosan digitalis preparatlarini noto‘g‘ri, nazoratsiz qabul qilinsa zaxarlanishga olib kelishi mumkin.  Chunki bu guruhdagi preparatlar kumulyatsiya xossasiga ega. Zaharlanishning asosiy belgilariga yurak urishining sekinlashib borishi (bradikardiya rivojlanishi), bemor yurakning to‘xtab qolish hissini sezishi,  ko‘ngil aynishi, hatto qusish, me’dada og‘riq sezish kiradi. Keyinchalik yurak ritmi buzilib,  ekstrasistoliya, bigeminiya (qo‘shaloq puls), taxikardiya, og‘ir hollarda esa qorinchalar fibrillyatsiyasi (titrash, lipillash) bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, bunday zaharlanish faqat yurak glikozidlarining kumulyatsiyasida bo‘lmasdan, balki organizmda kaliy yetishmasligida, organizm sezuvchanligi oshganda ham yuz berishi mumkin.

Zaharlanish natijasida yurak faoliyatida bo‘ladigan  o‘zgarishlar elektrokardiogrammada o‘z aksini topadi.

Zaharlanishda ko‘rsatiladigan yordam quyidagilardan  iborat. Birinchidan, har qanday yurak glikozidlarini berish to‘xtatiladi. Tezlikda kaliy xlorid preparati tavsiya etiladi.  Bemor bu preparatni 5% eritma shaklida bir marta 4-5 grammdan ichishi kerak, keyinchalik esa xar 4 soatda 2 grammdan aritmiya yo‘qolguncha ichiladi.

Ayrim hollarda kaliy xlorid (2%  eritmadan 100 ml) sekinlik bilan venaga yuboriladi. Shu maqsadda panangin yoki asparkam preparatlari ham berilishi mumkin. Teri ostiga  20%  kamfora moyidan 2 ml kuniga 2-3 marta in’yeksiya qilinadi. Bulardan tashqari, unitiol, trilon B va sitratlar berilishi mumkin.

Yurak glikozidlarini saqlagan o‘simliklar biologik faolligini aniqlash uchun biologik yo‘l bilan standartizatsiya qilinadi.  Preparat yoki o‘simlikning baqa yoki mushuk yuragini sistola fazasida to‘xtashini keltirib chiqaradigan eng kichik doza standart preparat bilan solishtiriladi va BTB (baqa ta’sir birligi) yoki MTB (mushuk ta’sir birligi) bilan ifodalanadi.

Yurak glikozidlari tasnifi. Yurak glikozidlari olinadigan o‘simliklari bo‘yicha va ularning farmakokinetikasi, farmakodinamikasiga qarab ikki xil tasnif qilinadi:

Birinchi tasnif bo‘yicha yurak glikozidlari quyidagi guruhlarga bo‘linadi.

1.  Angishvonagul (digitalis) preparatlari.

2. Marvaridgul preparatlari.

3. Adonis preparatlari.

4. Strofantin va uning o‘rnini bosadigan preparatlar.

Ikkinchi tasnif bo‘yicha:

1. Sekin, uzoq va kuchli ta’sir etuvchi yurak glikozidlari.

2. Tez, qisqa va kuchli ta’sir etuvchilar.

3. O‘rtacha kuchli va o‘rtacha muddatli ta’sir etuvchilar.

1. Sekin, uzoq  va kuchli ta’sir etuvchi yurak glikozidlariga digitalis preparatlari kiradi.  Ular og‘iz orqali yuborilganda  me’da-ichak yo‘llaridan asta-sekin so‘riladi.  Qonga o‘tgandan so‘ng plazma oqsillari bilan bog‘lanadi.  Shu sababli farmakologik ta’siri  uzoq  davom etadi. Terapevtik effekti 2-3 soatdan keyin boshlanib, asta-sekin rivoj topib, 8-12 soatdan so‘ng yuqori darajaga yetadi,  2 hafta ichida asta-sekin  kamayib  boradi.  Bu  guruhdagi preparatlar miokardga tanlab, kuchli kardiotonik ta’sir ko‘rsatadi. Ular jigarda metabolizmga uchrab, ko‘pchilik qismi buyraklar orqali sekin chiqib ketadi. Berilayotgan yurak glikozidi miqdorining bir qismi to‘qimalarda - miokardda yig‘ilib borishi natijasida digitalis preparatlari kumulyativ ta’sir etadi. Shuning uchun  preparatlar bilan davo qilishda kumulyativ ta’sirining oldini olish maqsadida bemor vrach nazoratida bo‘lishi kerak.

 

2. Tez,  qisqa va kuchli ta’sir etuvchi yurak glikozidlariga strofant va marvaridgul o‘simliklaridan olingan strofantin va korglikon preparatlari kiradi. Ular qutblangan (gidrofil) birikma bo‘lgani uchun  suvda eriydi va tug‘ridan-tug‘ri venaga yuborilishi mumkin.  Shuning uchun ham ularning ta’siri tez yuzaga chiqadi,  yuqori darajadagi ta’siri 1-1,5 soat ichida bilinadi. Umumiy ta’siri esa 4-5 soat davom etadi. Ular plazma oqsillari bilan birikma hosil qilmaydi, jigarda metabolizmga uchrab,  buyrak va jigar orqali chiqib ketadi. Kumulyatsiya holatini bermaydi. Lekin bemorga tayinlangan boshqa yurak glikozidlarining kumulyativ ta’sirini kuchaytirishi va tezlashtirishi mumkin. Bu guruhga kiruvchi preparatlar, ayniqsa strofantin K qadimdan ishlatib kelinayotgan, ta’siri bo‘yicha eng kuchli dori preparati xisoblanadi. Chunki xar xil kasallik sababli yurak faoliyatining o‘tkir yetishmovchiligida strofantin K eng zarur va ishonchli preparatdir. U tez kor  qilib  yurak  faoliyatini tiklashda asosiy birdan bir shifobaxsh dori hisoblanadi. Shu maqsadda strofantin K va korglikon faqat venaga osh tuzining izotonik eritmasi yoki glukoza eritmasi tarkibida asta-sekin yuboriladi.


 

9-rasm. Yurak glikozidlarining ta’sir muddati bo’yicha taqqoslanishi.

3. O‘rtacha kuchli va o‘rtacha muddatli ta’sir etadigan yurak  glikozidlariga  asosan marvaridgul va adonis preparatlari kiradi.  Bularning ko‘pchiligi og‘iz orqali yuboriladi, qonga so‘rilib ta’siri 30-40 daqiqa ichida yuzaga chiqadi. Yuqori darajada kor qilishi 1-2 soat ichida bilinadi,  umumiy ta’sir etish muddati 3-4 kun. Bu  preparatlar kumulyativ ta’sir ko‘rsatmaydi. Yurakka bo‘lgan kardiotonik ta’siri bo‘yicha  digitalis  va  strofantin preparatlariga qaraganda  kuchsizroq. Bradikardiya holatini deyarli chaqirmaydi. Digitalis va strofant glikozidlaridan asosiy farqi shundan iboratki, bu o‘simliklar preparatlari markaziy nerv sistemasiga tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli bu preparatlar yurak faoliyati yetishmovchiligining yengil shaklida,  yurak nevrozida ko‘proq kor qiladi.

 

Yurak glikozidlarining asosiy preparatlari.

    

1. Digitalis bargi (Folia Digitalis). 1 g bargda 50-60 BTB yoki 10,3-12,6 MTB bor. Bargning kukuni 0,05-0,1 g dan ichish uchun tavsiya etiladi. Shamchalar shaklida ham berish mumkin. Tabletka holida kam chiqariladi. Digitalis bargidan damlama 1:300 nisbatda  tayyorlanadi (0,6-180  ml) va osh qoshiqdan 2-3 marta ichiladi.

2. Kordigit (Cordigitum). Qizil angishvonagul bargidan olingan tozalangan ekstrakt. Tabletkada (0,8 mg) chiqariladi va 1 tabletkadan kuniga 2-3 marta beriladi.

3. Digitoksin (Digitoxinum). Digitalis turlaridan ajratib olingan kuchli ta’sir qiladigan glikozid. Tabletkada (0,1 mg) chiqariladi. Shamcha holida ham (0,15 mg) ishlatiladi.

4. Digoksin (Digoxinum). Tukli angishvonagulning bargidan olingan glikozid. Digitoksinga nisbatan organizmdan tezroq chiqariladi.Chunki kamroq oqsil bilan bog‘lanadi. Shuning uchun kumulyativ ta’siri nisbatan kuchsizroq. Preparat tabletkada (0,25 mg) va 0,025% eritmasi ampulada 1 ml dan chiqariladi.

5. Selanid (Selanidum). Tukli angishvonaguldan olingan glikozid (digilanid yoki lanatozid S). Me’da-ichakdan yaxshi so‘riladi, ta’siri tezroq ruyobga chiqadi. Kumulyatsiyani kamroq keltirib chiqaradi. Venaga yuborilganda strofantinga nisbatan bradikardiyani ko‘proq beradi.

Preparat tabletkada (0,25 mg),  0,05%  eritmada flakonda 10  mldan ichish uchun va 0,02% eritmasi 1 ml dan ampulada chiqariladi.

6. Lantozid  (Lantosidum). Tukli angishvonagul bargidan 70-50%  spirtda tayyorlangan neogalen preparat. Tarkibida glikozidlar yig‘indisini saqlaydi. Flakonda 15 ml dan chiqariladi. 20-30 tomchidan ichiladi.

7. Digalen-neo (Digalen-neo). Malla angishvonagul bargidan tayyorlangan neogalen preparat. 1 ml dan ampulada (teri ostiga yuboriladi) chiqariladi. Flakonda 15 ml dan chiqariladi 10-15 tomchidan ichish uchun mo‘ljallangan.

8. Bahorgi adonis (Adonis vernalis). O‘simlikning yer ustki qismida yurak glikozidlari mavjud. Digitalis preparatlariga  qaraganda kuchsizroq va o‘rtacha muddat ichida ta’sir ko‘rsatadi. Kumulyatsiya bermaydi. O‘simlik asosan damlama (1:30) shaklida ishlatiladi. Bexterev aralashmasi tarkibiga kiradi. O‘simlikning quruq ekstrakti "Adonis-brom" tabletkalar tarkibiga kiradi.

9. Adonizid (Adonisidum). Neogalen preparat. Flakonda 15 ml dan chiqariladi va 10-15 tomchida ichiladi.

10. Strofantin K (Strophantinum  K). Strofant Kombe urug‘idan olingan, tarkibida K-strofantin- b va K-strofanozid glikozidlarini saqlovchi preparat. Sistolik ta’siri kuchli, yurak ritmiga ta’sir etmaydi. Kumulyativ ta’siri deyarli yo‘q, lekin boshqa yurak glikozidlari kumulyativ ta’sirini kuchaytiradi. Venaga yuborish uchun mo‘ljallangan 0,05% li eritma 1 ml dan ampulada chiqariladi. Osh tuzining izotonik yoki glukoza (10%) eritmasi bilan birga tomchilab venaga yuboriladi. Asosan yurak faoliyatining o‘tkir yetishmovchiligida ishlatiladi.

11. Marvaridgul nastoykasi (Tinctura Convallariae). Tarkibida konvallotoksin va konvallozid saqlaydi. Kumulyativ ta’siri yo‘q. Tinchlantiruvchi ta’sir etadi.

Flakonda 25 ml dan chiqariladi. Tinchlantiruvchi boshqa o‘simlik nastoykasi bilan birga (valeriana, adonis, arslonquyruq, belladonna) va kompleks preparatlar (valokarmid, Zelenin tomchisi) shaklida chiqariladi.

12. Korglikon (Corglyconum). Marvaridgul bargidagi yurak glikozidlari yig‘indisini saqlaydi. Ta’siri bo‘yicha strofantinga yaqin. Unga nisbatan uzoqroq ta’sir etadi. Adashgan nerviga ta’siri kuchliroq. Preparat 0,06% eritma xolida 1 ml dan ampulada chiqariladi. Venaga izotonik eritma yoki glukoza eritmasi (10-20%) bilan birga sekin yuboriladi.

13. Kardiovalen (Cardiovalenum). Tarkibida erizimum, adonizid, valeriana nastoykasi, do‘lana ekstrakti,  kamfora  va natriy bromid saqlaydi. Flakonda 15,20 va 25 ml dan chiqariladi, 15-20 tomchidan ichiladi.

 

Aritmiyaga qarshi ishlatiladigan dorivor o‘simliklar va ularning preparatlari

 

Bu guruhga yurakning bir maromda, ritmik urishining buzilishida ijobiy ta’sir etadigan dorivor o‘simlik preparatlari kiradi.

Yurakning ritmik-bir tekisda to‘g‘ri qisqarishining buzilish holati, yurakning o‘zida bo‘ladigan kasalliklarda va  undan  tashqaridagi turli patologik o‘zgarishlarda kuzatilishi mumkin.  Yurakning ishemik kasalligida, miokard infarktida, revmakardit, miokardit, organizm intoksikatsiyasida, elektrolit almashinuvining buzilishida (K+ ioni yetishmasligi va Sa++ ko‘payishi) va boshqa hollarda aritmiyaning asosan ikki xili sodir bo‘ladi (taxi va bradiaritmiya).

Taxiaritmiya-ritmning tezlashishi bilan boradigan xili. Bunga ekstrasistoliya, paroksizmal taxikardiya va lipillash bilan boradigan (mersatelnaya) aritmiya misol bo‘lishi mumkin.

Bradiaritmiya esa yurak urishining sekinlashishi bilan davom etadi (bir daqiqada 45-55 marta) va bu holatda ritm juda sekinlashib qolsa, kollapsga olib keladi.

Shuni qayd qilib o‘tish kerakki so‘nggi vaqtlarda aritmiya kasalligiga chalingan bemorlar soni ko‘p uchraydigan bo‘lib qoldi.

Aritmiya kasalligiga duchor bo‘lgan bemorlarga davo qilishda antiaritmik preparatlardan foydalaniladi.

Taxiaritmiya xastaligida ishlatiladigan dorilarning asosiy farmakologik ta’siri yurak qo‘zg‘oluvchanligini pasaytirishi, yurak avtomatizmini, o‘tkazuvchi sistemalarini tormozlashi bilan izohlanadi. Antiaritmik preparatlarning bunday ta’siri  ko‘proq  miokardning patologik o‘zgargan joylaridan (ektopik yoki geterotrop) paydo bo‘ladigan qo‘shimcha (aritmiyaga sababchi) impulslarga qaratilgandir. Ular sinus (Keyt-Flak) tuguncha avtomatizmiga kam kor qiladi. Atrio-ventrikulyar tuguncha va Gis bog‘lamiga bo‘lgan ta’siri ancha sezilarlidir.

Antiaritmik prepartlarning ta’sir etish mexanizmi shundan iboratki, ular asosiy elektrolitlarni-kationlarni hujayra  pardasidan passiv o‘tishini sekinlashtiradi. Natijada elektrolitlar muvozanatining mahalliy buzilishi (kaliy ionlarining kamligi, natriy va kalsiy ionlarining ko‘payib ketishi) ro‘y beradi.

Ma’lumki, elektrolitlar muvozanati bunday o‘zgarishi yurak qo‘zg‘aluvchanligini va avtomatizmini kuchaytiradi. Shunday qilib antiaritmik preparatlar ta’sirida hujayra membranasining ikki tomonidagi elektrolitlar soni baravarlashadi. Uning elektr qutbi doimiylashadi.

Bunday preparatlarga sintetik yo‘l bilan olinganlaridan  tashqari, dorivor o‘simlikdan tayyorlangan va ulardan olingan dorivor preparatlar kiradi.

Bradiaritmiyada asosan M-xolinoblokatorlar (atropin), Zelenin tomchisi va boshqalar ishlatiladi. Bu guruhga kiruvchi preparatlar yurak ritmini tormozlovchi adashgan (varyc) nerv faoliyatini bloklaydigan ta’siri bo‘lgan dorilar hisoblanadi. Shu sababli ular yurak urishini tezlashtirib, bradiaritmiyani bartaraf etadi. Zelenin tomchisi tarkibidagi valeriana nastoykasi tinchlantiruvchi ta’sir etadi, belladonna nastoykasi esa M-xolinoblokator.

 

Dorivor o‘simliklar va ularning preparatlari

 

1. Qizil shirali sinxona (Xin daraxti). Sinxona krasnosokovaya  (Cinshona succirubra Pav.)

Bu o‘simlik doim yashil,  bo‘yi 15-20 m ga yetadigan daraxt,  vatani Janubiy Amerika davlatlari (Boliviya,  Peru,  Kolumbiya,  Venesuela). Hozirda boshqa davlatlarda o‘stiriladi. Shuningdek Qora dengiz bo‘yida bir yillik o‘simlik sifatida o‘stiriladi.

Plantatsiyalarda o‘stiriladigan  xin daraxtining po‘stlog‘i tarkibida 10% gacha,  yovvoyi xolda o‘sadigan daraxtlar po‘stlog‘ida esa 2,5%  gacha alkaloidlar (1-7,5%  xinin,  0,65% xinidin, 4,85% sinxonin, 3,5% gacha sinxonidin) yig‘indisi bor.

Gruziyada o‘stiriladigan qizil shirali sinxona  ildizida  1-2,14% alkaloidlar (xinin, xinidin, sinxonin, sinxinidin) yig‘indi mavjud.

Tibbiyot amaliyotida aritmiya xastaligida xinidin alkaloidi  saqlagan preparati (xinidin sulfat) ishlatiladi. Bu preparat miokard hujayra pardasidan natriy va kalsiy ionlari o‘tishini  kamaytiradi, miokard  qo‘zg‘aluvchanligini susaytiradi, yurak o‘tkazuvchi sistemasidan impulslar o‘tishini sekinlashtiradi. Taxiaritmiya turlarida keng ishlatiladi. Tabletkada (0,1-0,2g) chiqariladi. Uzoq muddatli ta’sir etuvchi preparatlari ham  chiqariladi (xinetseptin,  xiniduron, xinipek).

2. Ilon  rauvolfiya.  Rauvolfiya zmeinaya  (Rauwolfia serpentina Benth.)

Bo‘yi 50-100 sm ga yetadigan doim yashil bo‘ta. Hindiston, Tailand, Hindi Xitoy, Shri lanka, Birma mamlakatlarida o‘sadi. Gruziyaning subtropik hududida o‘stiriladigan o‘simlik ildizida 0,5-1,3, ildizpoyasida 1-2% alkaloidlar (rezerpin, aymalin va b.) bor. Rauvolfiyaning 150 dan ortiq turi mavjud. Masalan, Rauwolfia caffra turi tarkibida 3,05% gacha alkaloidlar bo‘lib, ular yig‘indisidan aymalin(1,25%), serpentin(1,09%) va boshqalar ajratib olingan.  Aymolin alkaloidi aritmiyaga qarshi ta’sir etadi. Rezerpin va aymolin saqlagan raunatin preparati taxiaritmiyaning turli shakllarida beriladi.

3. Parpi. Akonit (Aconitum L.) .

O‘simligining uch turidan tibbiyotda foydalaniladi: Jung‘or parpisi (Aconitum soongaricum Stapf), qorako‘l parpisi (Aconitum karacolicum Rapcs.) va Aconitum leucostomum Worosch. Ular morfologik belgilari bilan bir-biriga juda yaqin. Parpining hamma qismi zaharli.  Parpi turlari Tyan-Shan tog‘laridagi suv bo‘ylarida, Issiqko‘l atroflarida o‘sadi. Ko‘p yillik o‘t o‘simlik bo‘lib,  bo‘yi 70-130 sm ga yetadi. Ildiz tuganagi tarkibida 2,35% gacha alkaloidlar (alkonitin va b.) bo‘ladi. O‘simlikning yer ustki qismi ham zaharli bo‘lib, tarkibida 0,5%   gacha alkaloidlar saqlaydi.

O‘simlikning uchinchi turi o‘tidan olingan lappakonitinning  bromgidrat tuzi - allapinin preparati O‘zbekiston FA O‘simliklar kimyosi instituti xodimlari tomonidan olingan va o‘rganilgan.

Allapinin aritmiyaga qarshi ta’sirga ega. Yurakning  qorincha usti va qorincha ekstrasistolasida hamda aritmiyaning boshqa turlarida qo‘llanadi. Parpining jung‘or turining quritilmagan bargidan nastoyka tayyorlanadi. Allapinin tabletkalarda (0.025 g),  eritma shaklida (0.5%-2 ml) ampulada chiqariladi.

4. Do‘lana. Boyarishnik  (Crataegus L.).

Do‘lananing bir necha turlari ma’lum. Ularni bo‘yi 5 m ga yetadigan bo‘ta yoki kichik daraxt. Sobiq Itifoq Respublikalarida, shu jumladan Markaziy Osiyoda o‘sadi. Tibbiyotda do‘lanani 13 ta turi ishlatiladi. Shulardan biri O‘zbekistonda tabiy holda o‘sadigan Oltoy do‘lanasi.(Crataegus altaica (Loud.)Lange).

Do‘lana mevasi  tarkibida  triterpen  saponinlar,   flavonoidlar (kversetin va b.), gullarida - efir moyi va boshqa moddalar bor.

O‘simlik guli va mevasidan tayyorlangan galen preparatlari  (nastoykasi, suyuq  ekstrakti) yurak faoliyatini yaxshilaydi, qon bosimini qisman tushiradi va aritmiyaga qarshi ta’sir etadi. Ayniqsa paroksizmal taxikardiyada va lipillash aritmiyasida qo‘l keladi.

Do‘lana mevasining suyuq ekstrakti kuniga 20-30 tomchidan 3-4 marta ovqatdan 20-30 daqiqa oldin ichiladi. Gulining nastoykasi- ovqatdan 30 daqiqa oldin kuniga 15-20 tomchidan 2-3 marta  ichiladi.  Suyuq  ekstrakti kardiovalen preparati tarkibiga kiradi.

 

Qon tomirlarni kengaytiruvchi  dorivor  o‘simliklar  va ularning  preparatlari

 

Bu guruhga qon tomirlar (asosan arteriya va arteriolalar) tonusini pasaytirib, ularni kengaytiradigan preparatlar kiradi.

Ma’lumki, yurak-tomir kasalliklari xozirgi davrda eng  ko‘p tarqalgan, hayot uchun xavfli va nogironlikka sabab bo‘lishi jihatidan boshqa xastaliklar orasida birinchi o‘rinda turadi. Ular qatoriga  qon tomirlarning spazmi- torayishi bilan o‘tadigan yurakning ishemik kasalligi, miokard infarkti, stenokardiya, ateroskleroz, gipertoniya, qorason (endoarteriit) kasalliklari kiradi. Ma’lumki, qon tomirlar tonusi ularning devorida joylashgan mushaklarga bog‘liq. Bu mushaklar tonusi bo‘shashsa, qon tomir kengayadi, ular qisqarsa tonusi oshib qon tomir torayadi. Agar bu o‘zgarishlar ko‘pchilik qon tomirlarda sodir  bo‘lsa,  qon bosimi pasayishi yoki ko‘tarilishi mumkin. Ko‘pchilik qon tomirlarning silliq mushaklari neyro-gumoral, gipotalamus, qon tomirlar harakat markazi orqali boshqariladi.  Tomir harakat markazi asosan simpatik nerv orqali qon tomirlarni nazorat qilib turadi.  Bu nerv qo‘zg‘alishi qon tomirlarning torayishiga, bloklanishi esa kengayishiga olib keladi. 

Gipertoniya kasalligida ayniqsa  psixo-emotsional ta’sirlar natijasida tomir harakat  markazidan impulslar ko‘proq chiqib simpatik nervlar orqali qon tomirlarni qisqartiradi va qon bosimi ko‘tariladi. Bu kasallikning kelib chiqishida boshqa sabablar: yurak faoliyati buzilishi, ateroskleroz, buyrak kasalligi va boshqalarning ham ahamiyati bor. Qon tomir tonusining  gumoral yo‘l bilan boshqarilishi gipofiz va buyrak usti bezlari orqali bajariladi. Gipotalamusning qo‘zg‘alishi vazopressin gormoni, buyrak usti bezidan esa adrenalin va noradrenalinlar ajralishini kuchaytiradi. Vazopressin bevosita tomir silliq mushaklari miofibrilalarini qisqartiradi. Noradrenalin va adrenalin esa adrenoretseptorlarni qo‘zg‘atib qon tomirlarni qisqartiradi. Bulardan tashqari, qon tomirlarning torayishida renin-angiotenzin (II)- sistemasining ham o‘rni bor. Buyrakning yukstaglomerulyar qismidan renin fermenti chiqib, qonning alfa-globulinidan angiotenzin I (dekapeptid)ning ajralishini ta’minlaydi. Angiotenzin I esa o‘z navbatida peptidil-dipeptidaza  fermenti ta’sirida o‘pka qon tomirlarida angiotenzin II ga (oktopeptid) o‘tib qon tomirlarni toraytiradi, qon bosimini ko‘taradi (buyrak gipertenziyasi).

Qon tomirlarda bosimning ko‘tarilishida  yurak  faoliyatining  ham hissasi katta. Gipertenziyada uning (ayniqsa chap qorinchaning) qisqarish kuchi oshadi. Shu sababli, qon bosimini pasaytirishda faqat qon tomirlarni kengaytirish bilan chegaralanmasdan, balki yurak qisqarish kuchini ham pasaytirish zaruriyati tug‘iladi. Qon tomirlar tonusiga, bulardan tashqari, turli metabolitlar (sut kislota, SO2, adenozin, gistamin, atsetilxolin va boshqalar), endoteliyni relaksatsiyalovchi omil (ERF) ham ta’sir ko‘rsatadi va ular qon tomirlarni  boshqarishda qatnashadi.

Ayrim a’zolarning  mahalliy qon tomirlari qisqarsa, umumiy qon bosimi o‘zgarmasligi mumkin. Masalan, stenokardiya, miya qon tomirlari spazmida va boshqalar. Qon tomirlarining spazmida ko‘pincha shu to‘qima yoki a’zoning qon  bilan ta’minlanishi buziladi (stenokardiya,  miokard infarkti, ishemik insult).

Qon tomirlarini  kengaytiruvchi dori preparatlarining soni talaygina. Ular kimyoviy tuzilishiga ko‘ra har xil guruhlarga kiradi va farmakologik ta’siri, ishlatilishi bo‘yicha turlichadir. Ularning orasida sintetik preparatlar,  o‘simlik dori  vositalari,  alkaloidlar va boshqalr bor. Bularning hammasida qon tomirlarni kengaytiradigan ta’sir bo‘lgani uchun ular shu guruhning preparatlari hisoblanadi. Ular farmakodinamikasi, farmakokinetikasi va ishlatilishiga qarab turli guruxlarga bo‘linadi.

 

Antigipertenziv (gipotenziv) dori vositalari

 

Gipotenziv vositalar deb, ko‘p sonli qon tomirlarni kengaytirib qon bosimini pasaytiradigan preparatlarga aytiladi. Bularga kimyoviy tuzilishi, olinishi, farmakologik ta’siri va ta’sir mexanizmi hamda ishlatilishi bo‘yicha har xil bo‘lgan preparatlar kiradi. Shu sababli gipotenziv preparatlar ta’sir etish joyiga qarab quyidagi guruhlarga bo‘linadi: neyrotrop va miotrop preparatlar. Bulardan tashqari, suv-tuz almashinuviga  ta’sir qiladigan ayrim siydik haydovchi, kalsiy antagonistlari va antiangiotenzin preparatlari ham mavjud.

Neyrotrop gipotenziv vositalar deb, qon tomirlarning nerv sistemasi orqali boshqarilishiga ta’sir etib, kengaytiradigan, qon bosimini tushiradigan preparatlarga aytiladi. Bularning o‘zi ham nerv sistemasining qaysi bo‘limiga ta’sir etishiga qarab, markaziy va periferik  sistemasiga ta’sir qiluvchilarga bo‘linadi.

Markaziy nerv sistemasiga ta’sir etuvchi gipotenziv preparatlarga rezerpin, klofelin, metildofa uxlatuvchi va tinchlantiruvchi preparatlar va boshqalar kiradi. Bu preparatlar markaziy nerv sistemasiga tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatgani uchun gipertoniya kasalligini sababchilaridan bo‘lgan emotsional qo‘zg‘alish holatini kamaytiradi, tomirlarni harakatlantiradigan markazdan chiqayotgan patologik impulslarni tormozlaydi va periferik qon tomirlarni kengaytiradi, qon bosimini tushiradi.

Bu preparatlar tibbiyot amaliyotida gipotenziv  dorilar  sifatida ko‘p ishlatiladi.

Rezerpin rauvolfiya o‘simligidan (o‘simlik  to‘g‘risida  ma’lumot yuqorida qayd etilgan) olinadigan alkaloid bo‘lib, farmakologik ta’siriga ko‘ra  neyroleptik hisoblanadi. Gipotenziv preparatlar orasida qo‘llanishi va gipotenziv ta’siri ancha ishonchli hisoblanadi. Ichakdan sekin so‘rilishi 6-8 soat ichida boshlanib, 3-4 kun davom etadi. Rezerpin markaziy nerv sistemasiga ta’sir qilishidan  tashqari, periferik simpatolitik ta’sirga ham ega. Shuning uchun ham bu preparat gipotenziv effekti  bo‘yicha  ancha yuqoridir.  Rezerpin asosan gipertoniya kasalligini I va II bosqichlarida ishlatiladi. U nojo‘ya ta’sir etib me’da shilliq  pardasini  qitiqlaydi, hatto yaralar hosil qilishi mumkin.

Fitopreparatlar orasida tinchlantiruvchi va  gipotenziv  ta’sir ko‘rsatadigan quyidagi o‘simlik dori vositalari alohida o‘rin egallaydi.

Bo‘rigul Barvinok (Vinca L.)

Tibbiyotda bo‘rigulning 2 turidan foydalaniladi:

1. Kichik bo‘rigul.  Barvinok maliy (Vinca minor L.)

Ko‘p yillik, doim yashil, bo‘yi 60 sm gacha bo‘lgan o‘t o‘simlik. Rossiya yuvropa qismining janubiy va janubi-g‘arbiy viloyatlarida, Ukraina, Belarus, Moldova, Kavkaz ortida uchraydi.  O‘simlikning xamma qismida indol guruhiga kiruvchi, rauvolfiya alkaloidiga yaqin bo‘lgan 20 dan ortiq alkaloidlar bor. O‘simlik bargidan vinkamin (devinkam), rezerpin, va boshqa alkaloidlar ajratib olingan. O‘simlikning  Galen preparatlari  va alkaloidlari qon bosimini tushiradi, miya va koronar qon tomirlarini kengaytiradi. O‘simlikning asosiy alkaloidi vinkamin miyada qon aylanishini yaxshilaydi, miya to‘qimasining kislorod bilan ta’minlanishi ortadi.

Akademik S.Yu.Yunusov va k.f.d. P.Y.Yo‘ldoshev shogirdlari bilan birgalikda O‘rta Osiyoda o‘sadigan tik o‘suvchi bo‘rigul  o‘simligidan 40 taga yaqin alkaloidlar ajratib olishgan.

2. Tik o‘suvchi bo‘rigul. Barovinok pryamoy (Vinca erecta Rgl. yet schm.)

Kendirdoshlar (Apocynaceae) oylasiga mansub bo‘lib, ko‘p  yillik, bo‘yi 30-40 sm ga yetadigan o‘t o‘simlik. Markaziy Osiyoning Tyanshan, Pomir-Oloy tog‘larida uchraydi. O‘simlik ildizida 3% gacha, yer usti qismida esa 2% alkaloidlar bor. Bulardan eng ahamiyatlisi vinkamin va vinkanindir. Tarkibida shu alkaloidlar yig‘indisi yoki toza holda saqlangan va yarim sintez qilingan bir qator preparatlar mavjud. Bular qatoriga quyidagi dori vositalari kiradi.

Vinkapan (Vincapan). Kichik bo‘rigul alkaloidlar yig‘indisini saqlaydi. Tabletka xolida 0,01g.dan chiqariladi.

Vinkanor (Vincanorum). Kichik bo‘rigul tozalangan alkaloidlarini saqlaydi. Tabletkada (0,02g) chiqariladi.

Kavinton (Cavinton). Bo‘rigul turlaridan olingan devinkan alkaloidining yarim sintetik preparati. Kavinton (Vinkotsetin) tibbiyot amaliyotining ko‘p soxalarida (nevrapotologiya, terapiya, otorinolaringologiya va b.) keng miqyosda ishlatiladi. Tabletkada (0,005) va 0,5% eritmaning 2 ml dan ampulada chiqariladi.

Bulardan tashqari, gipotenziv dori vositasi sifatida do‘lana  gullaridan tayyorlangan preparatlar (damlama va nastoyka),  arslonquyruq yer ustki qismidan tayyorlangan  damlama  va  nastoykalar  ishlatiladi. Asosan gipertoniyaning boshlang‘ich davrlarida boshqa dorilar bilan birga beriladi. Bu fitopreparatlarning qon bosimini tushirishi asosan ularning MNS ga  tinchlantiruvchi ta’siri bilan tushuntiriladi.

Gipertoniya xastaligida yuqoridagi fitopreparatlardan tashqari yana periferik qon tomirlarni kengaytiruvchi va spazmalitik ta’sirga ega bo‘lgan bir qator dorivor o‘simliklar preparatlari ishlatiladi. Bular qatoriga opiy (qoradori) tarkibidagi papaverin alkaloidi kiradi. O‘zining farmakologik xususiyati bo‘yicha miotrop ta’sirga ega-bevosita silliq mushaklarga ta’sir etib, fosfodiesteraza fermenti faolligini pasaytirib mushaklar hujayralarda siklik adenazinmonofosfatni yig‘ilishiga sababchi bo‘ladi. Bu esa mushaklarni bo‘shashiga olib keladi va qon tomirlar kengayadi, spazmlar bartaraf bo‘ladi.

Papaverin sintetik yo‘l bilan olingan va tibbiyot amaliyotida uning gidroxlorid tuzi spastik holatlarda va gipertenziyada keng ishlatiladi. Uning kompleks preparatlari (papazol, palyufin, teoverin va b.) mavjud.

Papaverin gidroxlorid tabletkada (0,04g),  2%  li eritmasi 2 ml dan ampulada, 0,2g dan shamcha holida chiqariladi.

3. Gulbandli kiyiko‘t. Zizifora svetonojechnaya (Ziziphora pedicilata Pazij et Vved.)

Gulbandli kiyik o‘t ko‘p yillik o‘t o‘simlik bo‘lib, bo‘yi 20-40 sm ga yetadi. Ko‘proq toshloq tog‘ bag‘rilarida va tog‘larda o‘sadi.  Toshkent viloyati, Issiqko‘l, Olotov hududlarida hamda Farg‘ona viloyatida uchraydi. Dorivor mahsulot sifatida gulbandli kiyiko‘tning yer ustki qismi- o‘ti ishlatiladi. O‘t tarkibida 1.3% efir moyi, organik kislotalar, antatsianlar, S, YE vitaminlari, provitamin A, flavonoidlar, mineral tuzlar va mikroelementlar mavjud.

Kiyiko‘t halq tabobatida keng miqyosda ishlatilgan. Ibn Sino zizifora bilan yiringli yaralar (chipqon, karbunkul) va boshqalarni davo qilgan. Bundan tashqari, o‘simlikning yer ustki qismidan tayyorlangan choylar tabobatda ayrim yurak tomir va buyrak kasalliklarida ishlatiladi.

Toshkent Farmatsevtika institutining farmakognoziya kafedrasida prof. T.P.Po‘latova tomonidan kiyiko‘tning ushbu  turi  har tomonlama o‘rganilgan. Uning farmakologiyasi prof. X.U.Aliyev rahbarligida to‘la-to‘kis tekshirilgan. Chunonchi, kiyiko‘tdan tayyorlangan preparatlar (damlama va qaynatma) tarkibidagi biologik faol moddalar hisobiga gipotenziv, kardiotonik va yallig‘lanishga qarshi ta’sir etishi topilgan. Bundan tashqari, ular siydik ajralishini kuchaytiradi va spazmolitik ta’sirga ega.  Shuning bilan bir qatorda ushbu preparatlarning zararli ta’siri yo‘qligi – zaharsizligi aniqlangan.

Kiyiko‘tdan tayyorlangan damlama O‘zbekiston Respublikasi Dori vositalarni va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan tibbiyot amaliyotida antigipertenziv, kardiotonik va diuretik dori  preparatlari  sifatida  ishlatishga tavsiya etilgan.

Gipertoniya xastaligining boshlang‘ich davrida kadio‘t (valeriana) va arslonquyruq dorivor  o‘simliklaridan  tayyorlangan fitopreparatlar (nastoyka, damlama, tabletkalar) ishlatilishi mumkin. Ular MNS ga tinchlantiruvchi ta’sir etib, uyquni yaxshilaydi, hayajonlanish va bezovtalik holatlarini kamaytiradi,  qon bosimini pasaytiradi.

 

Tarkibida bir qator dorivor o‘simliklar (do‘lana, moychechak, gnafalium, na’matak va b.) saqlagan yig‘ma - choylar va diuretik  ta’sirli dorivor o‘simliklar ham qon bosimi ko‘tarilishining boshlang‘ich  davrlarida ishlatiladi.

Videolavha

Scroll to top