Sog‘lom turmush tarzi (ham jismonan, ham ma’nan)ga oiladan boshlaboq bolalarni o‘rgatish lozim. Bejizga dono xalqimiz: “Sog‘ tanda — so‘glom aql” iborasini ishlatmaydi. Erta tongda ruhni yengil his qilgan holda badantarbiya qilish, kiyimlarni va o‘rinni doimo toza tutish ham kayfiyatni ko‘taradi. Erinchoqlikka yo‘l qo‘ymang! Doimiy odatlarni vaqti-vaqti bilan o‘zgartirib turish ham ancha samara beradi:

Badantarbiyani bir safar bog‘da davom ettiring;

Ko‘proq piyoda yuring;

Dars tayyorlayotgan joyingizda kayfiyatni ko‘taruvchi buyumlar, tabassum holati aks etgan suratlar tursin;

Jismoniy harakatlardan toliqqach, bir muddat miyaga orom bering.

Shu kabi ishlar ruhan sog‘lom fikrlashingizga ham asos bo‘ladi.

Psixologiya fani har bir insonda tafakkur borligini e’tirof etadi. Shu bois barchamiz baholi qudrat o‘zimizni, o‘z salomatligimizni ma’lum me’yorlarda ushlab turamiz, saqlaymiz. Masalan, qishning qirovli kunida ko‘chada o‘tirmaymiz, o‘zimizni himoya qilishning barcha vositalarini aql-idrok bilan ishga solamiz. Shunday bo‘lsa-da, ba’zan sog‘ligimizga e’tiborsiz bo‘lamiz. Oddiy salomatlik qoidalariga amal qilmaymiz.

Birinchidan, har bir shaxsning nazarida bu qoidalarni hamma buzayotganday tuyuladi: “Men ham hamma qatori”. Masalan, Amerikada chekuvchilar va chekmaydiganlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan. Chekishning inson organizmiga zarari bor ekanligini har ikkala toifa ham yaxshi biladi, lekin hattoki chekmaydiganlar orasida ham uning zararli tomoni xatarli emasligini yoqlaydiganlar, chekadilar orasida esa: “Aslida chekish unchalik xavfli emas, chunki hamma chekadi-ku”, degan fikrdagilar bor.

Taniqli rus ruhshunosi S.S.Korsakov yozganidek, “Sog‘lom shaxsga aloqador barcha xossa va xususiyatlar qanchalik bir-biri bilan o‘zaro mutanosib, bir-biriga bog‘liq, muvozanatli va tashqi muhitdan unga tahdid soluvchi omillarga nisbatan chidamli bo‘lsa, u shunchalik baquvvat va salomat bo‘ladi”.

Qadrli o‘smirlar, salomatligingizni mustahkamlang va uni e’tibordan chetda qoldirmang!

Videolavha

Scroll to top